Samarqand viloyati Oqdaryo tumani
Maktabgacha ta'lim bo‘limi

MAKTABGACHA TA'LIM YOSHIDAGI BOLALARGA MASHG‘ULOTLARNI O‘YINLAR ORQALI OLIB BORISH.

Jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida inson qalbini kichiklikdan  boshlab yaxshilik, oliyjanoblik, vatanparvarlik, insonparvarlik, aql-  idrokli bo‘lish, odob-axloqlilik, mehnatsevarlik, halollik, poklik, xushso‘zlilik, ilmli bo‘lish kabi xislatlar bilan boyitish inson kamolotining me'yori bo‘lib kelgan

MAKTABGACHA TA'LIM   YOSHIDAGI  BOLALARGA MASHG‘ULOTLARNI  O‘YINLAR ORQALI  OLIB  BORISH.

         Jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida inson qalbini kichiklikdan  boshlab yaxshilik, oliyjanoblik, vatanparvarlik, insonparvarlik, aql-  idrokli bo‘lish, odob-axloqlilik, mehnatsevarlik, halollik, poklik, xushso‘zlilik, ilmli bo‘lish kabi xislatlar bilan boyitish inson kamolotining me'yori bo‘lib kelgan. Shuni e'tiborga olgan tarbiyachining  diqqat markazida ta'lim – tarbiya  jarayonida kichkintoyning individual va ijtimoiy-hissiy ehtiyojlarini qondirish nazarda tutili¬shi lozim. Bolalarga tarbiyaviy ta'sir ko‘rsatishni to‘g‘ri tashkil etish esa  mashg‘ulotlarda  o‘yinlar  orqali  amalga oshirilsa yaxshi natijalarga erishiladi. Chunki o‘yinlar o‘zining uzoq o‘tmishi, boy tarixiga  ega bo‘lgan , ajdodlardan avlodlarga  meros sifatida o‘tib kelayotgan, ma'naviy boyligimiz, qadriyatlarimizdan sanalib, xalq pedagogikasining tarbiya vositasidan biri hisoblanadi. O‘yin faoliyati bola hayotida, uning jismoniy, ruhiy, aqliy kamolatga yetishida muhim vositalardan biri hisoblanadi. O‘yin orqali bolalarda  tafakkur, tasavvur, xotira, diqqat kabi barcha psixik jarayonlar  rivojlanadi va atrof - muhit haqidagi bilimi yanada kengayib boradi. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida  o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar va o‘yinlar uchun tanlangan didaktik materiallar bolada motorika (harakat) va sensorika (sezgi)ni rivojlantirishga yo‘naltirilgan bo‘lsagina  ko‘zlangan maqsadga erishiladi.

         Bolalar o‘zlarining o‘yin faoliyatlarida ildam qadamlar bilan   olg‘a qarab borayotgan sermazmun hayotimizning hamma tomonlarini aks ettirishga intiladilar. O‘yinlar orqali ularda ijtimoiy foydali, ya'ni yuksak insoniy xislatlarni tarbiyalash mumkin. Bundan tashkari, agarda biz bolalarning o‘yin  faoliyatlarini tashqaridan kuzatsak, o‘yin jarayonida ularning barcha shaxsiy xislatlari yaqqol namoyon bo‘lishini ko‘ramiz. Shuning uchun bolalarning o‘yin faoliyatlari ularni individual ravishda o‘rganish uchun juda qulay vositadir.   O‘yin - bolalarni ta'lim faoliyatiga tayyorlaydi. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida o‘yin faoliyatidan to‘g‘ri va unumli foydalanish, har bir o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar va sayr faoliyatining samaradorligini oshirib boradi. O‘yin faoliyati turli xil shaklda voqeaband-ijroli, harakatli, ta'limiy, musiqiy-ta'limiy kabi yo‘nalishda olib boriladi. O‘yin bolalar uchun qiziqarli, mazmunli bo‘lishi uchun tarbiyachi o‘yin qoidasi bilan yaqindan tanish bo‘lishi kerak. Tarbiyachi maktabgacha yoshdagi bolalarga o‘yinlarni tashkil qilar ekan, quyidagi talablarga e'tibor berishi zarur:

1.O‘yinning mazmuni, ta'limiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi;

2.Aks ettirilayotgan narsalar haqidagi tasavvurlar to‘g‘ri va to‘la bo‘lishi,

3.O‘yin harakatlari  faol  ma'lum  maqsadga  qaratilgan, ijodiy xususiyatga ega bo‘lishi kerak.

Shuningdek, hamma   bolalarning  qiziqishlarini e'tiborga   olgan  holda o‘yinga rahbarlik qilish, o‘yinchoqlar va kerakli materiallardan maqsadga muvofiq  foydalanish  va  bu bilan bolalarning o‘yinda xayrihox va xursand bo‘lishlarini ta'minlash lozimBola nima uchun o‘ynaydi ? Albatta  o‘z ehtiyojini qondirish uchun . Bola bog‘chaga kelgan kunda  ularning o‘yinlari faqat bir xil, oilaviy turmushdagi  voqealarni aks ettirsa, mashg‘ulotlarda olgan bilimi, sayrga chiqishi, tabiatni kuzatishi natijasida o‘yinlarning turlari ko‘payib , yangilari  qo‘shilib boradi. Bolalar o‘yinlarining ko‘payib borishi ularning yosh xususiyatlari bilan ham izohlanadi. Bolalar o‘sib-ulg‘aygan sari ularning o‘yinlari  xilma-xillashib boraveradi.

        Maktabgacha   yoshdagi  bolalarning   barcha    o‘yinlari    o‘zining    mazmuni,      xususiyati va  tashkil    etilishiga    ko‘ra   ikki  katta  turkumga  bo‘linadi:

1.Ijodiy  o‘yinlar.  2. Qoidali o‘yinlar.

        - Ijodiy o‘yinlarni bolalarning o‘zlari o‘ylab topadilar. Unda oldindan belgilab qo‘yilgan qoidalar bo‘lmaydi.Qoidalar bolalar tomonidan o‘yin jarayonida o‘ylab topiladi.

        - Qoidali o‘yinlarning mazmuni va qoidasi kattalar tomonidan belgilanadi.      O‘yin davomida bu qoidalarga amal qilinishi shart.

        Maktabgacha ta'lim  tashkilotlarida   o‘tkaziladigan   ijodiy o‘yinlarda bolalarning tevarak-atrofdan olgan taassurotlari aks etadi. Bu o‘yinda bolaning erkinligi, mustaqilligi, tashkilotchiligi va ijodkorlik qobiliyatlari to‘la namoyon bo‘lsa, qoidali o‘yinlar orqali bolalar belgilangan qoidaga amal qilishi kerakligi, belgilangan qoidalar kichkintoylarda mas'uliyatli, jamoada hamjihat ishlash, atrofdagilar bilan murosali  bo‘lishga o‘rgatadi. O‘yin davomida qoidalarning to‘g‘ri bajarilishi “to‘g‘ri” yoki “noto‘g‘ri”,“o‘yin qoidasi buzildi”, degan baholar bilan belgilanadi. Bu esa bolalarni  o‘yin vaqtida o‘z-o‘zini nazorat qilishga o‘rgatib boradi. Albatta, har bir o‘yin so‘ngida natija tarbiyachi tomonidan muhokama qilinishi, qo‘yilgan maqsad, qoida va erishilgan natijalarga e'tibor qaratilishi kerak. O‘yin so‘ngida qatnashchilarni rag‘batlantirish, faol ishtirokchilarni maqtash – kelgusi o‘yinlarning samarali o‘tishini ta'minlaydi.

          O‘yinlar bolalarda do‘stlik, o‘rtoqlik, burch hissi, jamoatchilik kabi sifatlarni ham tarbiyalaydi. O‘yin davomida bola shaxs sifatida shakllanib boradi. Olimlarning olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra, bolalar o‘yinlariga har tomonlama to‘g‘ri rahbarlik qilish orqali ularga o‘yinning mazmuni, tashkil etilishi, tuzilishi, bolalar o‘rtasidagi axloqiy munosabatlar, o‘yinlarning rivojlanib, takomillashib borishiga ta'sirini ko‘rish mumkin. Hatto maktabgacha yoshdagi bolalarda nutqni o‘stirish va ijodiy tafakkurni shakllantirishda  ham o‘yinlar katta ahamiyat kasb etadi,  o‘yinlar orqali bolalar tafakkuri kengayadi va qiziqishlari rivojlanadi. Bolalar hamisha  kattalarga taqlid kilishadi. Ularning  qalbida kasbga qiziqish, faollik, o‘zgalar mehnatiga hurmat, ahil va inoqlik, shirinsuxanlik kabi xislatlar  "Bog‘cha", "Maktab - maktab" "Shifokor", "Sartarosh", "Quruvchi", "Tikuvchilar" kabi kasbga doir o‘yinlar orqali shakllanib borayotganligini  kuzatar ekanmiz, tarixga nazar tashlasak, ota-bobolarimiz azal-azaldan insonni  jismonan chiniqtiruvchi, salomatlikka ijobiy  ta'sir etuvchi  harakatli o‘yinlarga jiddiy e'tibor qaratishganini ko‘ramiz. Chunki harakatli o‘yinlar orqali  bolalarda  epchillik, chaqqonlik, diqqatni bir joyga jamlash, sezgirlik  o‘zligiga ishonch ruhi shakllanib boradi. Bunday   o‘yinlarni tashkil etish  bolalar qalbida musobaqalashish, raqobatlashish hislarini   uyg‘otadi. Tarbiyachi  tomonidan mashg‘ulotlarda  o‘ynaladigan  o‘yinlar bolaning mustaqil, faol, ijodkor bo‘lib voyaga yetishiga zamin yaratadi.  O‘yinlar ko‘rgazmalilik, oddiydan murakkabga o‘tish usullari orqali olib borilsagina  o‘yin  davomida bola harakati  faollashadi, mustaqil harakat qilish qobiliyati  shakllanadi, o‘yindan to‘g‘ri foydalanilsa bolaning tafakkuri, nutqi, xotirasi ya'ni, aqliy tarbiyasiga asos solinadi. O‘yinlar orqali bolalar eshitish,ko‘rish, sezish a'zolari orqali turli narsalar va ularni yasashda ishlatiladigin materiallarning vazifalarini, ularni bir - biriga taqqoslashni, guruhlarga ajratishni o‘rganadilar. Bolaning mashg‘ulotlar jarayonida olgan bilimi, tushuncha va tasavvurlarini mustahkamlashda, chuqurlashtirish va kengaytirishda  o‘yinlarning o‘rni  benihoyadir.                                                                                                                                          

       Zero, bola o‘ynab turib, dunyoni taniydi. Bola o‘yinda aks ettirayotgan narsani tezroq bilib olishga qiziqadi va uni xotirasida mustahkamlab oladi.Tarbiyachi bolalar o‘yiniga rahbarlik qilar ekan, bola shaxsining barcha jihatlariga,  ongi, his-tuyg‘ulari, irodasi, xulqiga  ham e'tibor berishi kerak.  Shundagina  mashg‘ulotlarda o‘tilgan  o‘yinlar  o‘z natijalarini beradi. Tarbiyachi  esa o‘z oldiga  qo‘ygan maqsadiga erishadi.

          Oqdaryo tuman  maktabgacha ta'lim  bo‘lim mudiri               Asrorova  Baxtigul Abrorovna


Kiritilgan vaqti: 09/06/2020 08:56;   Ko‘rilganligi: 512
 
Material manzili: http://oqdaryomtb.uz/oz/news/maktabgacha-talim-yoshidagi-bolalarga-mashgulotlarni-oyinlar-orqali-olib-borish
Chop etilgan vaqti: 19/05/2021 05:36