XOTIRA – MUQADDAS, QADR – AZIZDIR
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma'naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi. 9 mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.
Xalq xotirasi deganda kishi ko‘z o‘ngidan Vatan ibtidosidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, shu yo‘lda jon fido qilgan ne-ne buyuk zotlar birma-bir o‘tadi.
Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.
Muhtaram yurtboshimizning “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida alohida ta'kidlanganidek: “Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib turadi. Qadr – insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi”-degan so‘zlari zamirida olam-olam ma'no yotibdi.
O‘tganlarning xotirasi oldida hurmat bajo keltirish, yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an'analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirish hamda bu muqaddas ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida Oqdaryo tumanida ham Xotira va Qadrlash kuni munosib nishonlandi . Joriy yilning 6-may kuni tumanimizdagi barcha tashkilotlar tumanimiz istirohat bog‘ida tashkil etilgan Xotira maydonidagi Motamsaro ona poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Ushbu kunni munosib nishonlashdan ko‘zlagan bosh maqsadimiz – Vatan himoyachilarini xotirlash, oramizdagi fidoyi insonlarning, tinchlikning qadriga yetish, urushni qoralash, tinch-osoyishta yashayotganimiz, turmush farovonligini ta'minlash uchun ter to‘kib, unumli mehnat qilayotganimizning shukronasini qilish, insonni yashashga, yaratishga, elu -yurtga sadoqat va qat'iyat bilan xizmat qilishga undash va bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylab, tinchligimizni qadriga yetishdir.
Zero xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.
Kiritilgan vaqti: 07/05/2021 07:07; Ko‘rilganligi: 428
Chop etilgan vaqti: 29/05/2023 08:03